Farg'ona viloyati


saylov komissiyasi

enruuz

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»

(O‘zbеkiston Rеspublikasi Oliy Majlisining Aхborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 95-modda; 1999 y., 1-son, 20-modda; 9-son, 206-modda; 2000 y., 5-6-son, 153-modda; O‘zbеkiston Rеspublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004 y., 37-son, 408-modda; 2008 y., 52-son, 510-modda; 2014 y., 36-son, 452-modda)


1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

O‘zbekiston Respublikasi, Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun tuziladi hamda u o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi.

Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunlariga va boshqa qonunlariga amal qiladi.

2-modda. Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy prinsiplari

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, mustaqillik, adolatlilikdan iborat.

Markaziy saylov komissiyasi o‘zining butun faoliyati bilan saylov tizimining demokratik prinsiplarini amalga oshirishga ko‘maklashishga, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini ta’minlashga da’vat etilgan.

2¹-modda. Mustaqillik
Markaziy saylov komissiyasi va uning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaхslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari qaror qabul qilishda siyosiy moyillar va boshqa yot ta’sirlardan holi bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini bildiradi. 

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

2²-modda. Qonuniylik
Markaziy saylov komissiyasi va uning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbеkiston Rеspublikasining Konstitutsiyasiga, saylov, rеfеrеndum to‘g‘risidagi qonunlarga hamda boshqa qonunlarga amal qiladi.

2³-modda. Kollеgiallik
Masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan kollеgial tarzda amalga oshiriladi.

2⁴-modda. Oshkoralik
Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini oshkora amalga oshiradi. Markaziy saylov komissiyasining majlislari ochiq o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy aхborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlardan, хalqaro tashkilotlardan va harakatlardan kuzatuvchilar hozir bo‘lishi mumkin. 

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ommaviy aхborot vositalarida e’lon qilinadi. 

2⁵-modda. Adolatlilik
Markaziy saylov komissiyasi nomzodlarni, siyosiy partiyalarni saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun tеng shart-sharoitlar bilan ta’minlash, saylovga, rеfеrеndumga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish uchun ajratilgan byudjеt mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz bеrishning va saylov, rеfеrеndum yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi.
3-modda. Markaziy saylov komissiyasini tuzish

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan kamida o‘n besh nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadilar.

Markaziy komissiyaning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tugatilishi mumkin.

4-modda. Markaziy saylov komissiyasiga a’zolik

Markaziy saylov komissiyasining a’zosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib ro‘yxatga olingan Markaziy saylov komissiyasining a’zosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlari quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan bevosita yoki uni a’zolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasi bo‘yicha to‘xtatilishi mumkin:
– u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda; 
– u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan taqdirda;
– unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
– u o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelgan taqdirda.

Markaziy saylov komissiyasining yangi a’zosi ushbu Qonunda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zosi komissiyaning qaroriga binoan unda doimiy asosda ishlashi mumkin.

5-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni o‘tkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalarining hamda O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish uchun tuziladigan referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov va O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risidagi qonunlarning ijrosini nazorat qiladi, ularning bir xil qo‘llanilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi;

saylov komissiyalari va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlaydi, saylov va referendumni tashkil etishga oid masalalar yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yo‘riqnomalar chiqaradi hamda nizomlarni tasdiqlaydi va tushuntirishlar berib boradi;

saylov okruglarini, referendum okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar sonini ko‘rsatgan holda okruglar ro‘yxatini e’lon qiladi;

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari va referendum uchastkalarini qaysi okruglarga birkitish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi;

okrug saylov komissiyalarini va referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzadi hamda ularning joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

saylov komissiyalari va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi;

okrug saylov komissiyalarining va referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining qarorlarini, agar bu qarorlar saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunlarga zid bo‘lsa, mustaqil tarzda yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilariga saylov va referendumga mandatlar beradi;

saylovga va referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazishning xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablag‘larini saylov komissiyalariga hamda referendum o‘tkazuvchi komissiyalarga taqsimlaydi, bu mablag‘lardan foydalanish tartibini belgilaydi, saylov komissiyalarining va referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylov hamda referendumni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;

siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, matbuot, televidenie, radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlarning kuzatuvchilariga mo‘ljallangan mandat namunasini belgilaydi;

taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishiga ijozat berish yuzasidan qaror qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga oladi, ro‘yxatga olingan nomzodlarning ro‘yxatlari va ular haqidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinishini uyushtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari sayloviga doir saylov byulletenlarining, referendumda ovoz berish byulletenining, saylovchilar hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning namuna va shakllarini, ovoz berish qutilarining hamda saylov komissiyalari, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar muhrlarining namunalarini, hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi;

saylov komissiyalari, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlatning boshqa organlari hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarining saylovga, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi;

saylovning va referendumning yakunini chiqaradi, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yoki referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar soni to‘g‘risidagi, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi, referendumga qo‘yilgan masalani yoqlab yoki unga qarshi berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi axborotni matbuotda e’lon qiladi;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda takroriy ovoz berish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yoki Senati a’zolarining takroriy saylovi va bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;

saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlarini, Senatining a’zolarini ro‘yxatga oladi, shuningdek ularning ro‘yxatini matbuotda e’lon qiladi;

saylovdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining, Senatining birinchi majlisini qonunda belgilangan tartibda chaqiradi;

saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida guvohnoma topshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatiga va Senatining a’zosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat a’zosining guvohnomasi va ko‘krak nishonini beradi;

saylov komissiyalarining va referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlari hamda xatti-harakatlari ustidan tushgan ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasining saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunlari jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan tarzda buzilganligiga doir materiallarni prokuratura organlariga oshiradi;

saylovni va referendumni tashkil etish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlar arxivga topshirilishini ta’minlaydi;

Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;

qonunlarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

6-modda. Markaziy saylov komissiyasi Raisining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasining Raisi:

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi, komissiyaning a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish uchun davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarining, tashkilotlarning vakillarini va boshqa mansabdor shaxslarni taklif etadi;

davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari bilan munosabatlarda Markaziy saylov komissiyasi nomidan ish ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov, shuningdek referendum yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga axborot beradi;

tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining birinchi majlisini ochadi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi;

ushbu Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Markaziy saylov komissiyasining Raisi o‘z vakolatlarini bajarishining imkoni bo‘lmagan taqdirda, shuningdek Rais bo‘lmaganida, Raisning vazifalari Rais o‘rinbosariga yoki Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan komissiya a’zolaridan biriga yuklanadi.

7-modda. Markaziy saylov komissiyasining majlislari

Markaziy saylov komissiyasi ishining tashkiliy ko‘rinishi uning majlislari hisoblanib, ular zaruratga qarab o‘tkaziladi. Agar majlisda komissiya a’zolari umumiy miqdorining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, u vakolatli hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari umumiy miqdorining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘linib qolgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi Raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

8-modda. Markaziy saylov komissiyasi majlisining bayonnomasi

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari alohida fikr bildirishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi.

9-modda. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari

Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, bu qarorlar Rais tomonidan imzolanadi va matbuotda e’lon qilinishi lozim.

10-modda. Markaziy saylov komissiyasi qarorlarining majburiyligi

Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar okrug va uchastka saylov komissiyalari hamda referendumni o‘tkazish komissiyalari uchun, davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.

11-modda. Markaziy saylov komissiyasining murojaatlarini ko‘rib chiqish

Markaziy saylov komissiyasi saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga, boshqa mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli bo‘lib, ular masalani ko‘rib chiqishlari va uch kun ichida javob berishlari shart.

12-modda. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan shikoyat berish

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat berish mumkin. Shikoyat tushgan paytdan e’tiboran uch kun ichida, agar saylov yoki referendumga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa – darhol ko‘rib chiqilishi lozim.

13-modda. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash uchun uning Kotibiyati tuziladi.

Kotibiyat ishiga Markaziy saylov komissiyasining kotibi rahbarlik qiladi.

Kotibiyatning tuzilishi, shtatlari va uning ish tartibini Markaziy saylov komissiyasining Raisi tasdiqlaydi.

14-modda. Markaziy saylov komissiyasining Reglamenti

Markaziy saylov komissiyasining faoliyat ko‘rsatish tartibi uning Reglamentida belgilanadi.

15-modda. Markaziy saylov komissiyasini moliyaviy ta’minlash

Markaziy saylov komissiyasini moliyaviy ta’minlash davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini tasdiqlash paytida nazarda tutiladi.

16-modda. Markaziy saylov komissiyasining muhri

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi yuridik shaxs hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti I. Karimov

Toshkent sh.,
1998 yil 30 aprel,
613-I-son

Muallif Saylov 2019

Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*